Agronomlar ta’tilga chiqishadimi?

Agronomlar ta’tilga chiqishadimi? Albatta. Faqat qachon? Gap shunda. Paxta yigʻib olindi, kombaynlar dalalarni tark etdi. Endi bahorgacha dam olsa boʻladigandek tuyuladi. Ammo agronomlar uchun bir mavsum ikkinchisiga ulanib ketadi. Shu sababli ta’til uchun ham mavsumlar orasidan vaqt topishga toʻgʻri keladi.

Paxta yigʻim-terimidan keyin Global Textile agronomlari boshqa ishlarga kirishadi. Har bir dala mavsumni qanday oʻtkazganini baholash, tuproq namunalarini olib laboratoriyada tahlil qilish, kelgusi ekin uchun qanday oʻgʻitlar kerakligini aniqlash va yerni tayyorlash zarur. Shoʻrlangan maydonlarda ehtiyojga qarab shoʻr yuvish ishlari olib boriladi. Kuzgi bugʻdoy ekilgan dalalarda esa oʻziga yarasha yumushlar davom etadi.

Qishda oʻtgan mavsum natijalarini tahlil qilish, kelgusi yil uchun almashlab ekishni rejalashtirish, bilim oshirish va tajriba almashishga koʻproq vaqt ajratiladi. Chunki bahor va yozda dalalarda koʻradigan natijalarimiz koʻp jihatdan hozir qabul qilinayotgan qarorlarga bogʻliq.

Agronomning ishi sabr talab qiladi: bugun qabul qilingan qarorlarning natijasi ba’zan bir necha oydan keyingina koʻrinadi.

Biz dalalarimiz, hosil va texnologiyalar haqida tez-tez hikoya qilamiz. Bularning ortida oʻz bilimi, tajribasi va kundalik mehnati bilan oʻn minglab gektar maydonlarda paxta yetishtirishga yordam berayotgan insonlar turibdi.

Agronomlarimizga bu mehnatlari uchun rahmat. Hosil yigʻib olingandan keyin ham yerga gʻamxoʻrlik qilishda davom etayotganlari uchun. Dalalarda sokinlik hukm surgan paytda ham yil davomida mehnat qilayotganlari uchun.