
Global Textile bosh direktori Muzaffar Razakovga bergan savollaringizga javob berishda davom etamiz. Qiziqishingiz uchun rahmat! Savollar ko‘p bo‘ldi, javoblarni bosqichma-bosqich e’lon qilib boramiz.
Bugun deyarli har bir ota-onani qiziqtiradigan mavzu haqida gaplashamiz.
«Muvaffaqiyatli va mustaqil insonni qanday tarbiyalash mumkin?»
Muzaffar Razakov javobida ota-bobolarimizning hikmatini eslab o‘tdi. Bu hikmat bilim, kasb-hunar va tarbiyaga tayanadi. Uning aytishicha, ta’lim fikrlashni va dunyoni tushunishni o‘rgatadi. Kasb-hunar o‘z mahorati bilan pul topish, mehnatni qadrlash va oyoqda mustahkam turish imkonini beradi. Oilaviy tarbiya esa xarakterni, odamlarga hurmatni va hayotiy qoidalarni shakllantiradi. Uchala yo‘nalish ham bir vaqtda, bolalikdan boshlab rivojlanishi kerak.
Biz ko‘pincha bolalardan kim bo‘lmoqchi ekanini so‘raymiz. Ular yaxshi universitetga kirishini, muvaffaqiyatli kasb egallashini, munosib daromad topishini orzu qilamiz.
Balki o‘zimizga boshqa savolni tez-tez berishimiz kerakdir. Farzandimiz qanday inson bo‘lib ulg‘ayadi? U qiyinchiliklarga bardosh bera oladimi, qarorlari uchun javob beradimi, odamlar bilan til topisha oladimi va hayotini mustaqil quradimi?
Axir bir kun kelib farzandlarimiz qarorlarni bizning yordamimizsiz qabul qiladi. O‘shanda ularning asosiy tayanchi biz o‘rgatib ulgurgan barcha narsa bo‘ladi.
Sizningcha, bolalar ulg‘ayguncha ularga nimani yetkazish eng muhim?