
75 ming gektar yer maydonini qanday samarali boshqarish mumkin?
Bu savolni bizga tez-tez berishadi. Shuncha katta hududda har kuni nimalar sodir bo‘layotganini qanday bilish, agrotexnik tadbirlarning bajarilishini qanday nazorat qilish va yuzaga keladigan muammolarga qanday tezkor munosabat bildirish mumkin?
Bu haqiqatan ham ulkan ko‘lam. Avvalroq biz 75 ming gektar yer maydonimizni 105 mingta futbol maydoni bilan taqqoslagan edik. Endi tasavvur qiling, ularning har biri bo‘yicha deyarli har kuni real holatni ko‘rib borish kerak.
Global Textile kompaniyasida bu vazifa raqamli boshqaruv tizimi orqali amalga oshiriladi. Barcha yer maydonlari raqamlashtirilgan, asosiy agrotexnik tadbirlar tizimda rejalashtiriladi, nazorat qilinadi va qayd etiladi. Shu tizim orqali resurslar taqsimlanadi, bajarilayotgan ishlar kuzatiladi hamda har bir dala, hudud va maydon bo‘yicha ma’lumotlar har kuni tahlil qilinadi.
Bu jarayon ortida Agro yo‘nalishimizning tahliliy markazi — Monitoring va raqamlashtirish xizmati faoliyat yuritadi. Bu yerga dalalardan ma’lumotlar kelib tushadi, mutaxassislar ularni tahlil qiladi, chetlanishlarni aniqlaydi va tezkor boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun rahbariyatga zarur ma’lumotlarni taqdim etadi.
Biz raqamli vositalarni rivojlantirish, xalqaro tajribalarni joriy etish va jamoamiz salohiyatini oshirishni davom ettirmoqdamiz. Biz uchun zamonaviy qishloq xo‘jaligi — bu katta ko‘lam ham boshqaruv aniqligiga xalaqit bermaydigan tizimdir.