Global Textile kompaniyasida g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi boshlandi
03/06/2026

O‘zbekiston bo‘ylab bug‘doy o‘rim-yig‘im mavsumi boshlandi. Bu agro mavsumning eng mas’uliyatli bosqichlaridan biri hisoblanadi.
Global Textile kompaniyasi ham o‘z faoliyat yuritayotgan hududlarda g‘alla yig‘im-terimi ishlarini faol boshladi. O‘rim-yig‘im ishlari Toshkent viloyatining Bekobod, Bo‘ka, Quyi Chirchiq, Chinoz va Oqqo‘rg‘on tumanlari hamda Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida start oldi. Global Textile tomonidan amalga oshirilayotgan g‘alla yig‘im-terimi ishlari umumiy hisobda 30 ming gektardan ortiq maydonni qamrab oladi.
Mavsum boshlanishi munosabati bilan hududlarda hokimliklar vakillari, agrar soha mutaxassislari, mexanizatorlar, kompaniya xodimlari va rahbariyati ishtirokida maxsus tadbirlar hamda seminarlar tashkil etildi.
Tadbirlar davomida kompaniya rahbari Muzaffar Razakov hosil yig‘im-terimi mavsumi yuqori mas’uliyat, intizom va jamoaviy hamkorlikni talab qilishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, yakuniy natija har bir xodimning hissasi va butun tizimning tezkor, aniq hamda muvofiqlashtirilgan faoliyatiga bevosita bog‘liq.
Uchrashuvlardan so‘ng Muzaffar Mahamatovich xodimlar bilan muloqot qilib, ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish, texnikalar holati va mavsumga tayyorgarlik bilan bog‘liq masalalarni joyida ko‘rib chiqdi. Bu esa barcha jarayonlarning barqaror va samarali tashkil etilishiga xizmat qilmoqda.
Oldinda mavsumning eng shiddatli davrlaridan biri turibdi. Keyingi 20 kun davomida Global Textile jamoasi 24/7 ish rejimida faoliyat olib boradi.