O‘zbekistondan Ozarbayjongacha. Global Textile ishlab chiqarish geografiyasini kengaytirmoqda

Toshkentda IV O‘zbekiston-Ozarbayjon hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat biznes vakillari qatorida Global Textile rahbari Muzaffar Razakov ham forum ishida ishtirok etdi.

Kompaniyamiz uchun Ozarbayjon bilan hamkorlik allaqachon aniq loyihalar bilan davom etmoqda. Ayni paytda Mingachevir tumanida zamonaviy paxta-to‘qimachilik majmuasini tashkil etish loyihasini rivojlantirmoqdamiz.

Loyiha asosida Global Textile O‘zbekistonda izchil rivojlantirib kelayotgan va amaliyotda o‘z samaradorligini isbotlagan model yotadi. Endilikda yagona ishlab chiqarish zanjirini yaratish bo‘yicha to‘plangan tajriba Ozarbayjonda davom ettiriladi. Paxtani qayta ishlash, ip-kalava ishlab chiqarish, trikotaj mato tayyorlash, bo‘yash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish yagona tizimga birlashtiriladi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik tobora amaliy mazmun kasb etmoqda. Biz uchun esa ikki mamlakatning sanoat salohiyatini bog‘laydigan va uzoq muddatli rivojlanishga xizmat qiladigan loyihalarni yaratish orqali ushbu jarayonning bir qismi bo‘lish ayniqsa muhim.