Raqamli daladan — tayyor to‘qimachilik mahsulotigacha

Global Textile kompaniyasiga Cropwise raqamli platformasini agro yo‘nalishda joriy etish va rivojlantirish jarayonini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan «Agrar tizimlar studiyasi» (SAS) jamoasi ishchi tashrif bilan keldi.

Uchrashuv markazida dalalarimizda joriy etilayotgan raqamli tizimlarning amaliy natijalari turdi. «Agrar tizimlar studiyasi» (SAS) jamoasi ushbu yechimlarning real sharoitdagi ishlash jarayoni bilan yaqindan tanishish, mutaxassislarimizning ulardan kundalik faoliyatda qanday foydalanayotganini kuzatish hamda jarayonlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha treninglar o‘tkazish uchun tashrif buyurdi.

Mehmonlarda raqamli vositalarning agronomlarimiz kundalik faoliyatidan qanchalik mustahkam o‘rin olgani katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, tizim orqali olinayotgan ma’lumotlarning dalalardagi amaliy ishlarda bevosita qo‘llanilishi ularda ijobiy taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng hamkasblarimizni mahsulotning butun yo‘lini biz bilan birga kuzatishga taklif qildik — paxta dalasidan tayyor to‘qimachilik mahsulotigacha. Ekskursiya davomida daladagi mehnat natijasi ishlab chiqarishning keyingi bosqichlaridan o‘tib, yakunda tayyor tikuvchilik mahsulotiga aylanishini ko‘rsatdik.

Aynan shu safar davomida «Biz kiyim yetishtiramiz» degan shiorimiz mehmonlar uchun yanada chuqurroq va o‘ziga xos ma’no kasb etdi.

«Agrar tizimlar studiyasi» (SAS) jamoasiga tashrif, tajriba almashinuvi hamda qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarishda zamonaviy yondashuvlarni birgalikda rivojlantirish yo‘lidagi samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiramiz.