
Bugun, 14-oktabr — Butunjahon standartlashtirish kuni. Shu munosabat bilan bir kuzatuvimizni siz bilan bo‘lishmoqchimiz.
Yaqinda Global Textile’ni xalqaro sourcing platformalaridan birida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida e’tiborimizni bir jihat tortdi. Sertifikatlar bo‘limida mavjud standartlarni sanab o‘tishning o‘zi yetarli bo‘lmadi. Tizim har bir sertifikatning raqami, amal qilish muddati va tasdiqlovchi hujjatning o‘zini talab qildi.
Bu oddiy ro‘yxatdan o‘tish jarayonidek ko‘rinishi mumkin. Ammo u xalqaro xaridorlar yetkazib beruvchilarni tekshirishga qanchalik jiddiy yondashishini ko‘rsatadi. Ular taqdim etilgan sertifikatlar haqiqiy ekaniga va muayyan talablarga muvofiqlikni tasdiqlashiga ishonch hosil qilishni istaydi.
Sertifikatlash va mustaqil auditlar ishlab chiqaruvchining mahsulot xavfsizligi, xomashyo kelib chiqishi, mehnat sharoitlari hamda ishlab chiqarishning ekologik jihatlariga oid talablarga qay darajada rioya etishini baholashga yordam beradi. Xaridor esa hamkorlik bo‘yicha qarorlarini tekshirilishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga asoslanib qabul qiladi.
Standartlar ishlab chiqaruvchining o‘zi uchun nima beradi?
Ular ish jarayonlari uchun aniq mezonlarni belgilaydi, muntazam nazoratni talab qiladi va takomillashtirish kerak bo‘lgan jihatlarni aniqlashga yordam beradi. Mustaqil baholash korxona ichida vaqt o‘tishi bilan odatiy holdek qabul qilinadigan jarayonlarga boshqa nuqtayi nazardan qarash imkonini ham beradi.
Kompaniyamiz bu yo‘nalishda izchil ish olib bormoqda. Faoliyatimizda GOTS, OEKO-TEX® va Better Cotton Chain of Custody xalqaro sertifikatlari amal qiladi, ishlab chiqarish maydonlarimiz esa amfori BSCI ijtimoiy auditlaridan o‘tadi.
Xalqaro standartlashtirishni qo‘llab-quvvatlaymiz, chunki uning ishlab chiqarishimiz va mijozlarimiz uchun amaliy ahamiyatini ko‘ramiz.
Xalqaro standartlarning qadri ham shunda: aniq talablar, tekshiriladigan jarayonlar va ishlab chiqaruvchi bilan xaridor o‘rtasidagi shaffof munosabatlar.