Central Asian University talabalari Global Textile’ga tashrif buyurdi
18/05/2026

Clash of Clans va tekstil ishlab chiqaruvini boshqarish o‘rtasida qanday o‘xshashlik bo‘lishi mumkin? Ma’lum bo‘lishicha, bir qarashdagidan ancha ko‘p.
Aynan shu mavzudan Central Asian University talabalari va Global Textile jamoasi uchrashuvi boshlandi. Uchrashuv 15 may kuni, kompaniyaning tug‘ilgan kunida bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida Muzaffar Razakov talabalarga Global Textile qanday qilib 11 yil davomida kichik jamoadan paxtadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq tizimga ega yirik ishlab chiqarish kompaniyasiga aylangani haqida gapirib berdi.
Talabalar bilan kompaniyaning turli yo‘nalishlarini boshqarayotgan rahbarlar suhbatlashdilar. Real jarayonlar, qarorlar va ish holatlari orqali ishlab chiqarish, agrar yo‘nalish, inson resurslari, operatsion faoliyat va moliyaviy boshqaruv qanday ishlashi tushuntirildi.
Nega biznesda hamma narsani bir vaqtning o‘zida rivojlantirib bo‘lmaydi? Tez o‘sish muhimmi yoki barqarorlikmi? Nega ba’zan zaxira foydadan muhimroq bo‘ladi? Va bugungi qaror kompaniyaning kelajakdagi imkoniyatlariga qanday ta’sir qiladi? Strategik o‘yinlar mantig‘i va real misollar orqali suhbat talabalar uchun juda jonli va tushunarli bo‘ldi.
Tashrifdan keyin ko‘plab talabalar biznesni ilk bor aynan shunday tizimli va haqiqiy ko‘rganliklarini aytdilar. Ayrimlari esa Global Textile jamoasiga qanday qo‘shilish mumkinligi bilan qiziqdi.
Hozirda kompaniya talabalar uchun amaliyot tashkil qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda.