
Har bir katta ishning boshlanishida qachonlardir kichik bir qadam boʻlgan. Kimningdir orzusi, qiziqishi, ilk savoli yoki ilgari hech sinab koʻrmagan ishga qoʻl urish istagi.
Fargʻonadagi Global Textile toʻqimachilik majmuasiga 29-maktab oʻquvchilari tashrif buyurdi. Ular ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishib, har kuni kiyadigan oddiy kiyimlarimiz ortida qancha bilim, texnologiya va mehnat turganini koʻrishdi.
Kelajakda qaysi kasbni tanlash haqida oʻylayotgan maktab oʻquvchilari bizga tez-tez tashrif buyurishadi. Har safar ularning bu yerdan ekskursiya taassurotlaridan ham koʻproq narsani olib ketishlarini istaymiz. Masalan, har qanday yirik ishlab chiqarish, murakkab texnologiya yoki muvaffaqiyatli loyiha ortida bir paytlar xuddi ular kabi maktab partasida oʻtirib, kelajagi haqida orzu qilgan insonlar turganini anglashlarini.
Balki bu oʻquvchilardan kimdir kelajakda hayotini toʻqimachilik sohasi bilan bogʻlar. Boshqasi esa butunlay boshqa yoʻlni tanlar. Bu ham juda yaxshi. Eng muhimi, har birida orzu qilishga jurʼat, yangilikni oʻrganishga qiziqish va boshlagan ishini oxirigacha yetkazishga qatʼiyat boʻlsin.
Axir «men orzu qilaman» va «men bunga erishdim» degan soʻzlar orasida bosib oʻtiladigan yoʻl bor. Bu yoʻldan esa har kim oʻta oladi.
Balki yosh mehmonlarimizdan kimdir uchun ushbu ekskursiya katta orzular sari kichik bir turtki boʻlgandir.