Global Textile vertikal integratsiyalashgan biznesni boshqarish bo‘yicha Almarai tajribasini o‘rganmoqda

Global Textile vertikal integratsiya bo‘yicha jahon yetakchisi tajribasini o‘rganmoqda

Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga ishchi tashrifi doirasida Global Textile bosh direktori Muzaffar Razakov viloyat hokimi bilan birga dunyodagi yirik vertikal integratsiyalashgan oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilardan biri — Almarai kompaniyasiga tashrif buyurdi.

Almarai yirik vertikal integratsiyalashgan kompaniya faoliyatini samarali tashkil etish borasida biz uchun muhim tajriba manbai hisoblanadi. Kompaniyaning ishlab chiqarish zanjiri yem-xashak ekinlarini yetishtirish va chorva boqishdan boshlanib, mahsulotlarni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda ularni do‘kon peshtaxtalarigacha yetkazib berishni qamrab oladi. Barcha bosqichlar yagona tizim sifatida ishlaydi. Bu esa samaradorlik, barqaror sifat va har bir jarayon ustidan nazoratni ta’minlaydi.

Global Textile ham boshqa sohada faoliyat yuritsa-da, biznes modelimiz o‘xshash. Bizning ishlab chiqarish zanjirimiz paxta dalalaridan boshlanib, tayyor kiyim ishlab chiqarish bilan yakunlanadi. Bunday yirik tizimni boshqarish barcha korxonalar o‘rtasidagi hamjihatlik, puxta rejalashtirish va ishlab chiqarishni tashkil etishda yagona yondashuvni talab qiladi.

Almarai ko‘p yillardan buyon ushbu tizimni rivojlantirishda biz uchun muhim tajriba manbalaridan biri bo‘lib kelmoqda. Kompaniyaning samarali boshqaruv usullarini o‘rganamiz, ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha yondashuvlarini tahlil qilamiz va xalqaro miqyosda o‘z samarasini ko‘rsatgan yechimlarni faoliyatimizga moslashtiramiz. Bu Global Textile’ga sinalgan biznes modeliga tayanish va uni o‘z to‘qimachilik klasterimiz ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish imkonini beradi.

Ushbu tashrif Almarai bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga zamin yaratib, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochishiga umid qilamiz.