
Munosib mehnat aniq qoidalar va kundalik amaliyotdan boshlanadi
Global Textile vakillari BCI Uzbekistan tomonidan o‘tkazilgan «O‘zbekiston paxtachiligida munosib mehnat: 2026/2027-yil mavsumi uchun BCI yondashuvlari va vositalari» mavzusidagi amaliy seminarda ishtirok etdi.
Paxtachilikda bu mavzu ayniqsa muhim. Mavsum davomida dalalarda bir vaqtning o‘zida minglab insonlar mehnat qiladi, turli mutaxassislar va bo‘linmalar jalb etiladi, ishlarning jadalligi esa sezilarli darajada oshadi. Shu sababli mehnat sharoitlari, xavfsizlik, xodimlar huquqlariga rioya qilish va ish jarayonlarini tashkil etishga qo‘yiladigan talablar har bir ishtirokchiga aniq va tushunarli bo‘lishi kerak.
Seminarda ushbu yo‘nalishda qo‘llaniladigan Better Cotton Initiative (BCI) yondashuvlari va vositalari, shuningdek, bevosita ish jarayonida yuzaga keladigan amaliy vaziyatlar muhokama qilindi. Uchrashuvning alohida qismi ochiq muloqot shaklida o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘z savollarini berish, tajriba almashish va aniq ish holatlarini birgalikda ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Global Textile uchun bunday uchrashuvlar amaliy ahamiyatga ega. Olingan bilimlar agroyo‘nalishdagi jamoalarimiz faoliyatiga tatbiq etilib, Better Cotton Initiative (BCI) talablarini butun ishlab chiqarish zanjirimiz boshlanadigan joyda — paxta dalalarida izchil joriy etishga yordam beradi.