
Paxta mavsumiga tayyorgarlik: sifat, aniqlik va qabul jarayonining shaffofligi
Global Textile kompaniyasining Farg‘onadagi paxta qabul qilish maskani 2026-yil paxta yig‘im-terim mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amaliy seminar o‘tkaziladigan maydonga aylandi. Seminarni O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov olib bordi.
Farg‘ona vodiysi agrar sohasi vakillari bilan birgalikda jamoamiz paxta qabul qilish maskanlarining yangi mavsumga tayyorgarligi, hosilni qabul qilish jarayonini tashkil etish, tortishning aniqligi va paxta sifatini xolis baholash masalalarini muhokama qildi.
Bu masalalar biz uchun alohida ahamiyatga ega. Global Textile paxta bilan bevosita daladan boshlab ishlaydi. Shu sababli yetishtirilgan hosil sifatini keyingi har bir bosqichda saqlab qolish va uni qabul qilish jarayonida barcha ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash muhim.
Seminarda raqamlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga hosilni tortish jarayonini avtomatlashtirish, ma’lumotlarni qayd etish va qabul jarayonining shaffofligini oshirish imkonini beruvchi «AgroTarozi» axborot tizimining imkoniyatlari taqdim etildi.
Oldinda qishloq xo‘jaligi yilining eng mas’uliyatli davrlaridan biri turibdi. Bizning vazifamiz — yetishtirilgan paxtani aniq va tartibli qabul qilish, uning sifatini saqlab qolish hamda jarayonning har bir bosqichida shaffoflikni ta’minlash.