Global Textile Samarqanddagi O‘zbekiston–AQSH ishbilarmonlik uchrashuvlarida

19-oktabr kuni Samarqand O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi keng ko‘lamli ishbilarmonlik muloqotining markaziga aylandi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning rasmiy tashrifi doirasida savdo, investitsiya va sanoat sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun mamlakatimizga 300 ga yaqin Amerika kompaniyasi vakillari tashrif buyurdi.

Global Textile qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati bo‘yicha muzokaralarning faol ishtirokchilaridan biri bo‘ldi. Kompaniya bosh direktori Muzaffar Razakov asosiy ishbilarmonlik dasturida, jumladan, «Agriculture & Textiles» strategik tarmoq sessiyasida qatnashdi.

Muhokamalarda agrar va to‘qimachilik tarmoqlarini rivojlantirishning amaliy modellari, sanoat hamkorligi hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, Global Textile Amerika kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va aqlli sug‘orish tizimlarini (Smart Irrigation) qo‘llash masalalarini muhokama qilmoqda.

Muzaffar Razakov o‘z intervyusida xalqaro ishbilarmonlik aloqalaridagi faollik haqida fikr bildirib, shunday dedi:

«Бир йилдан бери биз катта фаолликни кузатяпмиз. Давлат раҳбаримиз ўзларининг шижоати ва ҳаракатлари билан давлатлараро дарвозаларни очиб бердилар».

Muzokaralar davomida Amerika kompaniyalari va tashkilotlari bilan hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi. Jumladan, Global Textile va Make American Cotton Great Again (MACGA) kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi tuzildi. Hujjat paxta-to‘qimachilik sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishni nazarda tutadi.

Amerikalik hamkorlarning Global Textile bilan tanishuvi Samarqanddagi tadbirlardan avval boshlangan edi. O‘zbekistonga yetib kelganidan so‘ng AQSHning yirik ishbilarmonlik delegatsiyasi tarkibidagi MACGA vakillari kompaniyaning Farg‘onadagi korxonalariga tashrif buyurdi.

Mehmonlar ishlab chiqarish jarayonlari bilan batafsil tanishib, paxtani qayta ishlashdan tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishgacha bo‘lgan vertikal integratsiyalashgan tizim qanday ishlashini ko‘rdi. Korxonalarning ko‘lami, texnik jihozlanishi va ishlab chiqarishning tashkil etilishi amerikalik hamkorlarda katta taassurot qoldirdi.

Global Textile Samarqanddagi muzokaralarda agrar soha uchun zamonaviy yechimlardan tortib, to‘qimachilik ishlab chiqarishi va xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirishgacha bo‘lgan bir qator yo‘nalishlarda faol qatnashdi. Imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar amerikalik hamkorlar bilan keyingi hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.