Global Textile "xolislari": samarali agroishlab chiqarish uchun mustaqil ekspertiza

Global Textile agroklasterida qo‘llanilayotgan muhim yondashuvlardan biri — paxtachilik, urug‘chilik, mexanizatsiya, suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligining boshqa yo‘nalishlarida ko‘p yillik amaliy tajribaga ega e’tirof etilgan mutaxassislarni jalb etishdir.

Kompaniyada ular "xolislar" deb ataladi. Bu atama "xolis", ya’ni "betaraf" so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, ularning asosiy vazifasi mavjud holatni mustaqil baholash, tavsiyalar berish, bilim va amaliy tajribani dala jamoalariga yetkazishdan iborat.

Shunday mutaxassislardan biri — Tilavoldi Rahimov bo‘lib, u qishloq xo‘jaligi sohasida 30 yildan ortiq faoliyat yuritgan. U boshqa ekspertlar bilan birgalikda Global Textile agroklasterining barcha hududlariga tashrif buyuradi, brigadirlar va mutaxassislar bilan uchrashadi, dalalardagi vaziyatni joyida tahlil qiladi, samarali yechimlarni tavsiya etadi, bajarilayotgan ishlarni professional baholaydi hamda hosildorlikni oshirishga qaratilgan keyingi chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Bugungi kunda Global Textile agroyo‘nalishida 35 nafar xolis faoliyat yuritmoqda. Ularning ko‘p yillik tajribasi dala jamoalarining kundalik faoliyatiga singib, yillar davomida to‘plangan bilimlarni asrab-avaylash, yangi avlod mutaxassislariga yetkazish va eng samarali amaliyotlarni keng qo‘llashga xizmat qilmoqda.