
Toshkentdagi Global Textile xodimlari kompaniya menejerlari va rahbarlari uchun tashkil etilgan Yetakchilik maktabi doirasidagi navbatdagi treningda ishtirok etdilar.
Har bir rahbar ortida jamoa turadi. Uning odamlar bilan qanday ishlashi ko‘p jihatdan umumiy natijaga ta’sir qiladi. Tushuntirish, qo‘llab-quvvatlash, umumiy til topish, muammolarni o‘z vaqtida payqash va qaror qabul qilish — bularning barchasi rahbarning kundalik faoliyatining bir qismi.
Navbatdagi trening aynan shu masalalarga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar yetakchilik, jamoani boshqarish, xodimlar bilan o‘zaro hamkorlik haqida fikr almashdilar va rahbarlar o‘z ishida duch keladigan turli vaziyatlarni muhokama qildilar.
Yetakchilik maktabi menejer va rahbarlarimizga tajriba almashish, real ish jarayonidagi vaziyatlarni muhokama qilish hamda jamoalarni boshqarishda yangi yondashuvlarni topish imkonini beradi.
Global Textile’da katta jamoa faoliyat yuritadi va biz uchun rahbarlarning o‘z xodimlari bilan birga doimiy rivojlanib borishi muhim. Chunki jamoaning qanchalik ahil va samarali ishlashi kompaniyaning umumiy natijasiga ham ta’sir qiladi.
Biz rahbarlarimizning yetakchilik va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirishda davom etamiz. Zero, kuchli rahbarlar kuchli jamoalarni shakllantirishga yordam beradi.